Online Digital Camp


Raqamli Avlod - 2020



O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri
Sadikov Shuxrat Muхamadjanovich


Assalomu alaykum hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Bugun butun dunyoda davom etayotgan pandemiya sababli sizlar bilan onlayn muloqot qilishga majbur bo‘lyapmiz. Aslida esa har biringiz bilan yuzma-yuz uchrashishni, sizlarga o‘z hurmatim va ezgu tilaklarimni shaxsan yetkazishni istardim.

Aziz yoshlar!

Bizning bosh maqsadimiz – yurtimiz hayotining har bir yo‘nalishida bo‘lgani kabi sohamiz rivojiga va bu orqali Ona vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shishdir. Buning uchun esa qobiliyatli, iqtidorli, ilmga chanqoq yoshlarga taʼlim-tarbiya berish, natijada yetuk kadrlarni yetishtirish talab etiladi.

Barchangizga maʼlumki, bugungi kunda mamlakatimizda hamma sohalarni modernizatsiya qilish va yangilash jarayonlari yangicha dunyoqarash bilan jadal olib borilmoqda. Bu borada axborot-kommunikatsiya sohasi vakillari ham chetda turmasdan, sohani yana-da rivojlantirish yo‘lida juda ko‘plab loyihalarni amalga oshirmoqda.

Oldimizga qo‘ygan yuksak marralarni, SIZ - YOSHLARSIZ egallab bo‘lmasligini yaxshi tushunamiz.

Sir emaski, mamlakat yoshlarini jahon maydonida mustaqil va qatʼiy yondashuvga ega maʼnan va jismonan barkamol avlod bo‘lib yetishishlarini taʼminlash yo‘nalishiga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bunga ularning munosib ilm olishlari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirishlarini taʼminlash maqsadida zamon talablariga mos oliy taʼlim beruvchi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, uning 5 ta filiali, 6 ta litseyi, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari hamda 3 ta Yangiqo‘rg‘on, Samarqand, Toshkent axborot texnologiyalari texnikumlari, ayniqsa, maktab yoshidagi bolajonlarimiz uchun bunyod etilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktab yorqin misol bo‘la oladi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusning uchinchisi doirasida respublika bo‘yicha 32 ta Raqamli texnologiyalar o‘quv markazi tashkil etildi.

Shuningdek, bu ishlarning davomi sifatida shu yil yakunigacha ana shunday o‘quv markazlari sonini 100 tagacha yetkazishni rejalashtirganmiz.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ko‘magida Muhammad al-Xorazmiy nomli axborot texnologiyalari maktabi va “Digital Generation Uzbekistan” nodavlat notijorat muassasasi bilan birgalikda tashkil qilingan Digital Camp “Raqamli avlod – 2020” onlayn oromgohi butun O‘zbekiston yoshlari uchun munosib sovg‘a bo‘ldi deyish mumkin.

Turli tadbirlar va dars jarayonlariga boy besh kunlik onlayn oromgoh davomida qatnashchilarga axborot texnologiyalari sohasi rivojining zamonaviy tamoyillari haqida batafsil maʼlumotlar beriladi.

Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, tadbirga axborot texnologiyalari sohasidagi eng mashhur va tajribali mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar taklif etilgan.

Hurmatli ishtirokchilar!

So‘zimning yakunida Sizlarga, mustahkam sog‘liq-salomatlik, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlar va kuch-quvvat, ko‘tarinki ruh va kayfiyat yor bo‘lishini, Jonajon O‘zbekistonimiz rivoji yo‘lidaga har bir ishingizda ulkan yutuqlarga erishishingizni tilayman

Eʼtiboringiz uchun rahmat.